УКФ

ЯНГИЛИКЛАР

Kurash bo‘yicha xalqaro seminar oldidan matbuot anjumani tashkil etildi

14-20-iyun kunlari poytaxtimizda ilk bor murabbiylar uchun kurash bo‘yicha xalqaro seminar bo‘lib o‘tadi. Bugun Milliy Olimpiya qo‘mitasida ushbu tadbirga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi texnik direktori, xalqaro toifadagi hakam Rizo Nasriy, Xalqaro kurash instituti prorektorlari Habibillo Tojiyev va Muzaffar Yusupov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi kurash milliy sport turini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Kamol Usmonov va boshqa soha mutaxassislari ishtirok etishdi. Anjuman avvalida Rizo Nasriy seminarning ahamiyati va rejalar xususida gapirib o‘tdi.
“Koronavirus pandemiyasi sabab kurash sportida ham bir muncha tanaffus yuzaga keldi. Ushbu seminarimiz murabbiylar uchun bo‘lib, ilk bor tashkil etilayotgani ahamiyatli. Belgilangan talablarni bajarish orqali ishtirokchilar “V” toifasidagi xalqaro murabbiy sertifikatiga ega bo‘lishadi. Bu orqali kelajakda barcha qitʼalarda kurash targ‘ibotini kuchaytirish mumkin. Sertifikat olgan murabbiylar o‘z qitʼasidagi qator mamlakatlarga borib, dars berish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, – dedi mutaxassis.
Tadbirda boshqa mutaxassislar ham seminarning ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi. Maʼlumotlarga ko‘ra, seminar poytaxtimizdagi “Sag‘bon” kurash zalida bo‘ladi. Unda dunyoning 24 dan ziyod mamlakatidan 60 dan ortiq murabbiylar ishtirok etishadi.