УКФ

ЯНГИЛИКЛАР

Toshkentda ilk bor o‘tkazilayotgan kurash bo‘yicha xalqaro seminarning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Toshkentda kurash bo‘yicha birinchi bor murabbiylar uchun xalqaro seminar boshlandi. Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida ushbu tadbirning rasmiy ochilish marosimi va OAV vakillari uchun brifing tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA) prezidenti, Osiyo Olimpiya kengashi departamenti direktori Haydar Farmon, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari, Xalqaro kurash instituti rektori Bahriddin Valiyev, MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va uning o‘rinbosari Azizjon Kamilov, IKA mutasaddilari, xalqaro seminar ishtirokchilari, keng sport jamoatchiligi vakillari va OAV xodimari ishtirok etishdi.
Tadbirda dastlab Bahriddin Valiyev so‘zga chiqdi va uzoq yillik tarixga ega kurashimizni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, rejalar haqida gapirib o‘tdi va xalqaro seminarni rasman ochiq deb eʼlon qildi. Shundan so‘ng Haydar Farmon tadbir haqida fikrlarini bildirdi.
“Ajoyib binoga ega O‘zbekiston MOQda ko‘rishib turganimizdan bag‘oyat mamnunmiz. Xalqaro kurash assotsiatsiyasi nomidan murabbiylar uchun o‘tkazilayotgan xalqaro seminar ishtirokchilarini samimiy qutlayman. Bunda dunyoning ko‘plab mamlakatidan vakillar ishtirok etishmoqda. Koronavirus pandemiyasi sabab bizning ham bir qator rejalarimiz to‘xtab qoldi. Bu seminar yangi loyihalarimizni qayta boshlanayotganini anglatadi. O‘zbekiston hukumati tomonidan kurashni rivojlantirish uchun katta ahamiyat berilmoqda. Birgalikda barcha rejalarimizni amalga oshiramiz”, – dedi Haydar Farmon.
Shundan so‘ng Abdujabbor Abduvohidov ham seminar xususida to‘xtalib o‘tdi.
“Dunyoning turli chekkalaridan kelgan kurash fidoyilarini qutlashga ijozat bersangiz. Aminmanki, bu seminar kurashimizning butun dunyodagi targ‘ibotini kuchaytirishda katta ahamiyatga ega. Kurashimizni yana-da rivojlantirish uchun bor kuchimizni beramiz. Asosiy maqsadimiz uning Olimpiya o‘yinlariga kirishi. Hurmatli tadbir ishtirokchilari, murabbiylar, barchangiz o‘zingizni uyingizdagidek his qiling. Seminarda barchangizga muvaffaqiyat tilayman”, – dedi IKA vitse-prezidenti.
Tadbirda Nig‘matilla Yo‘ldoshev ham Prezidentimiz tomonidan kurashni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor, hamkorlikda yo‘lga qo‘yilayotgan reja va tadbirlar haqida gapirdi.
Shundan so‘ng kichik tanaffus eʼlon qilindi va undan keyin OAV xodimlari ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda ekspert va mutasaddilar seminarning mazmun-mohiyati, ahamiyati, keyingi rejalar haqida gapirib o‘tishdi.
Amaliy va nazariy yo‘nalishda o‘tadigan mazkur xalqaro seminarda 24 davlatdan 56 nafar murabbiy ishtirok etmoqda. Ularga O‘zbekiston, Gretsiya va eronlik xalqaro ekspertlar texnik va taktik yo‘nalishlar bo‘yicha saboq berishadi. Yakuniy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan murabbiylar “В” toifasidagi sertifikatga ega bo‘lishadi.